Test rejimida

Yangiliklar

Avtomobilini pora orqali jarima maydonidan olib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs niyatiga yeta olmadi

Joriy yilning 17-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida YPX xodimi tomonidan haydovchi, 1989-yilda tug‘ilgan N. Q. boshqaruvidagi "Matiz" rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, haydovchi N. Q. mast holatda ekanligi aniqlangan va unga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng, joriy yilning 20-sentabr kuni haydovchi Shahrisabz tumani IIB YHXB boshlig‘i Sh.Otaqulovning yoniga kelib, ma’muriy bayonnomani bekor qilish va jarima maydonida turgan avtomobilini chiqarib berish evaziga 300 (uch yuz) AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilgan.

Holat yuzasidan Sh.Otaqulov viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilgan.

Xodimning bildirgisiga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi N. Q. tuman IIB YHXB boshlig‘i Sh.Otaqulovga 300 (uch yuz) AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ushlangan.

Holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.